Tug‘ruqxonadagi sirli hodisa: yangi tug‘ilgan chaqaloq yo‘qoldi
15 nafardan ortiq kishi so‘roq qilinmoqda, biroq bolaning qayerdaligi hozircha noma’lum.

Tojikistonning Dushanbe shahridagi Akusherlik, ginekologiya va perinatologiya ilmiy-tadqiqot institutining 1-sonli tug‘ruqxonasida yangi tug‘ilgan chaqaloq yo‘qolib qoldi. Bu haqda Asia-Plus nashri bolaning qarindoshlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli Mavzuna Akramova 11-oktabr kuni soat 10:00 atrofida ilk farzandi — o‘g‘il bolani dunyoga keltirgan. Oila a’zolarining aytishicha, chaqaloq sog‘lom tug‘ilgan. O‘sha kuni ular soat 16:00 gacha tibbiyot muassasasida bo‘lib, keyin uylariga qaytgan.
12-oktabrga o‘tar kechasi, taxminan soat 01:00 da tug‘ruqxona xodimlari oilaga qo‘ng‘iroq qilib, chaqaloq yo‘qolganini ma’lum qilgan.
Akusherlik, ginekologiya va perinatologiya ilmiy-tadqiqot instituti 13-oktabr kuni chaqaloq yo‘qolganini tasdiqlagan. Muassasa rahbariyati vaziyat nazorat ostida ekanini, hodisaning ayrim tafsilotlari aniqlanganini bildirgan. Chaqaloq topilib, qarindoshlariga topshirilgach, qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
Asia-Plus ma’lumotiga ko‘ra, qarindoshlarga ko‘rsatilgan videokuzatuv yozuvida tibbiyot muassasasi xodimi bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayol chaqaloqni olib ketayotgani aks etgani aytilmoqda. Biroq video nashr ixtiyorida bo‘lmagani sababli bu ma’lumot mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
Bolaning qarindoshlari militsiya xodimlari chaqaloqni qidirayotganini bildirgan. Shuningdek, 15 nafardan ortiq odam so‘roq qilinayotgani haqida ma’lumot berilgan.
Hozircha chaqaloqning qayerdaligi va uning yo‘qolishiga nima sabab bo‘lgani rasman ma’lum qilinmagan. Holat yuzasidan tekshiruv davom etmoqda.







