Avtobus tozaligiga beparvolik qimmatga tushdi: uch mexanik jarimaga tortildi
Toshkentda 66-yo‘nalishdagi avtobusning sanitariya holati ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilingan.

Toshkent shahrida 66-yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobusning sanitariya holati yuzasidan bildirilgan tanqiddan so‘ng mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 13-oktyabr kuni Telegram’da “12-avtobus saroyi” filialiga qarashli, “Yo‘ldosh 17-mavzesi — Toshkent vokzali” yo‘nalishida qatnovchi 66-sonli avtobusning sanitariya holati tanqid qilingan.
Murojaat filial mas’ullari tomonidan o‘rganilgan. Natijada 205-raqamli avtobus yo‘nalishdan qaytgach, yuvish shoxobchasida to‘liq yuvilgan, salonning ichki qismi esa maxsus tozalash vositalari yordamida sanitariya talablariga muvofiq tozalangan.
Tekshiruv davomida avtobusni yo‘nalishga chiqarishda uning tozaligiga yetarlicha e’tibor qaratmagan navbatchi mexaniklar X. Dadaxo‘jayev, R. Valiyev va O‘. Azimov bilan tushuntirish ishlari olib borilgan va ulardan tushuntirish xatlari olingan.
Shuningdek, uchala mexanikning har biriga oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima qo‘llangan.
“Toshshahartransxizmat” AJ avtobuslarning sanitariya holatini doimiy nazorat qilish va shu kabi holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralar ko‘rilishini bildirgan. “12-avtobus saroyi” filiali esa yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda avtobus eshiklari ochiq holda harakatlangan haydovchi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.








