Infantinoga Jahon chempionatidan 1,72 mln dollar to‘langan: mablag‘ hisobotda ko‘rsatilmagan
To‘lovning FIFA yillik hisobotida ko‘rsatilmagani rahbar daromadlarining shaffofligi yuzasidan savollarni keltirib chiqardi.

FIFA prezidenti Janni Infantinoga 2024-yilda 2026-yilgi Jahon chempionatini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi FWC2026 tashkilotidan 1,72 mln dollar miqdorida to‘lov amalga oshirilgan. Bu haqdagi ma’lumotlar AQSH Ichki daromadlar xizmati (IRS) hujjatlari va FIFA moliyaviy ma’lumotlarini o‘rgangan ESPN surishtiruvida keltirilgan. FIFA esa o‘z nizomi buzilgani haqidagi da’volarni rad etmoqda.
FWC2026 - FIFA tomonidan AQSHda 2026-yilgi Jahon chempionatini boshqarish va tashkil etish uchun tuzilgan notijorat tashkilot. IRSga taqdim etilgan soliq deklaratsiyasida Infantino nomiga 2024-yil uchun 1,72 mln dollar miqdoridagi to‘lov qayd etilgan.
Bu mablag‘ FIFA prezidentining tashkilotning o‘zidan olgan yillik maoshi va imtiyozlaridan tashqari to‘langan. FIFAning 2024-yilgi moliyaviy hisobotida Infantinoning daromadi 4,274 mln Shveytsariya franki, ya’ni taxminan 4,86 mln dollarni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Shunday qilib, ikki tashkilotdan olingan mablag‘lar jami qariyb 6,58 mln dollarga yetgan.
Biroq FWC2026 tomonidan amalga oshirilgan 1,72 mln dollarlik to‘lov FIFAning 2024-yilgi yillik hisobotida alohida ko‘rsatilmagan. Bu holat tashkilot rahbarining daromadlari qay darajada ochiq e’lon qilingani yuzasidan savollarni keltirib chiqardi.
FIFA nizomining 43-moddasi 13-bandida tashkilot prezidenti, Kengash a’zolari va bosh kotibning individual daromadlari jamoatchilikka oshkor etilishi kerakligi belgilangan. Shu sababli qo‘shimcha to‘lovning yillik hisobotda aks ettirilmagani nizom talablariga muvofiqlik masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Biroq bu holatning o‘zi qoidabuzarlik sodir etilganini uzil-kesil isbotlamaydi.
FIFA vakili bergan izohida tashkilot barcha moliyaviy hisobot talablariga rioya qilishini va nizom buzilgani haqidagi har qanday da’voni qat’iyan rad etishini bildirgan. Federatsiya, shuningdek, FIFA prezidentining yillik maoshi va boshqa shartnomaviy imtiyozlari mustaqil kompensatsiya quyi qo‘mitasi tomonidan belgilanishini ta’kidlagan.








