Pedofillarga umrbod qamoq: Prezident kutilgan qonunni imzoladi
14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan, beshta kodeks va oltita qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Yangi qonunga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Bunday jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatiga cheklov qo‘yilmaydi.
Shuningdek, bolaga jismoniy yoki ruhiy azob yetkazgan shaxslar, jumladan, ta’lim muassasalari xodimlari va yaqin qarindoshlar ham qonun doirasida javobgarlikka tortiladi.
Qonunda bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun belgilangan jazoni yengillashtirishga yo‘l qo‘ymaslik ham nazarda tutilgan.








