Reper Navai Qozog‘istonda ushlandi: u giyohvand moddalar kontrabandasida gumonlanmoqda
Uning avtomobilidan giyohvandlik vositasi topilgan, xonanda esa vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Rossiyalik reper Navai Qozog‘istonda giyohvand moddalar kontrabandasiga urinishda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Tengri Life Jambil viloyati politsiya departamentiga tayanib xabar berdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Navai 13-oktyabr kuni Qozog‘istonga kirib kelayotganida «Qorday» chegara punktida ushlangan. Uni politsiya va chegara xizmati xodimlari birgalikda qo‘lga olgan. Reper bo‘lgan avtomobil tekshirilganda, undan giyohvandlik vositasi topilgan.
Holat yuzasidan giyohvandlik vositalari kontrabandasiga urinish gumoni bilan sudgacha tergov boshlangan. Navai vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Politsiya tergovga oid boshqa ma’lumotlarni oshkor qilmagan.
Xonandaning 14-oktyabr kuni Ostona shahrida konsert berishi kerak edi. Biroq tadbir bekor qilingan yoki noma’lum muddatga qoldirilgan. Tashkilotchilar bunga texnik sabablarni ko‘rsatgan.








