Rossiyada maktablarida yangi taklif: 10–11-sinflari pullik bo‘lishi mumkin
Tashabbus mualliflari tushgan mablag‘larni rossiyalik o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirmoqchi.

Rossiyada xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlari uchun maktablarning 10–11-sinflarida ta’limni pullik asosda tashkil etish taklif qilinmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasini Liberal-demokratik partiya (LDPR) deputatlari tayyorlagan, deb xabar berdi TASS.
Tashabbus bilan “Rossiya Federatsiyasida ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 78-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Rossiyada bepul umumiy o‘rta ta’limni faqat xalqaro shartnomalar yoki federal qonunlarda nazarda tutilgan hollarda olishi mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasi xorijiy fuqarolarning o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi olishiga cheklovlar kiritmaydi. To‘qqizinchi sinfni tamomlagan o‘quvchilar qonunchilikda belgilangan tajriba doirasida soddalashtirilgan tartibda kasb-hunar ta’limi muassasalariga kirish imkoniyatini saqlab qoladi.
LDPR yetakchisi Leonid Slutskiyning ta’kidlashicha, migrant bolalarning bepul maktab ta’limi mintaqaviy va mahalliy budjetlarga qo‘shimcha yuk bo‘lmoqda. Uning fikricha, pullik ta’limdan tushadigan mablag‘larni Rossiya maktab o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish kerak.
Hozircha bu tashabbus qonun loyihasi hisoblanadi. Taklifning qonunga aylanishi uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi kerak.








