Sel va fojia: Qashqadaryoda Damas oqizib ketilishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida avtomobildagi yo‘lovchining jasadi topilgan.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida kuchli yomg‘ir sabab yuzaga kelgan sel oqimi Damas avtomobilini oqizib ketdi. Hodisa oqibatida avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchi halok bo‘lgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 13-oktyabr kuni soat 17:30 atrofida tumanning tog‘li hududlarida qisqa muddatli kuchli yomg‘ir yog‘gan. Buning oqibatida Qo‘ng‘irot mahallasidagi Shakarbuloq qishlog‘i hududidan sel oqimi o‘tgan.
Shu vaqtda yo‘ldan adashgan Damas haydovchisi va uning hamrohi yo‘nalishni aniqlash uchun sel o‘tadigan hududda to‘xtagan. Avtomobil sirpanib, sel yo‘lining chuqurroq qismiga tushib qolgan.
Haydovchi mashinadan tushib, telefon orqali bog‘lanishga uringan va hamrohini sel kelayotgani haqida ogohlantirgan. Biroq sel oqimi avtomobil va uning ichida qolgan yo‘lovchini oqizib ketgan.
Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yo‘lovchining jasadi topilgan. Hodisa joyiga tuman hokimligi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda Ichki ishlar bo‘limi mas’ullari jalb etilgan.








