11 yilda 81 mingga yaqin migrant halok bo‘ldi yoki bedarak yo‘qoldi — BMT
Ularning kamida 4 414 nafari bolalar bo‘lgan.

2014–2025-yillar davomida dunyo bo‘ylab migratsiya safarlari chog‘ida qariyb 81 ming nafar migrant halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Ularning kamida 4 414 nafari bolalardir.
TASS agentligi BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hisobotiga tayanib xabar berishicha, qayd etilgan holatlarning yarmidan ko‘pida migrantlarning yoshi ko‘rsatilmagan. Shu sababli halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan bolalarning haqiqiy soni rasmiy statistikada aks etganidan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.
Hisobotda Markaziy O‘rta yer dengizi migratsiya yo‘nalishidagi vaziyatga ham e’tibor qaratilgan. 2024-yilda ushbu yo‘nalish orqali Italiya va Maltaga yetib kelgan migrantlarning 19 foizini bolalar tashkil etgan. Biroq o‘sha yili qayd etilgan migrantlar o‘limi holatlarining atigi 2 foizi bolalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
XMT bu tafovut bolalar o‘limi holatlari yetarlicha qayd etilmayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Tashkilot davlatlarni migrantlar, ayniqsa bolalar o‘limi va bedarak yo‘qolishi bilan bog‘liq holatlarni hujjatlashtirish tizimini takomillashtirishga chaqirgan. Buning uchun marhumlarning yoshi va migratsiya maqomini muntazam qayd etish, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertlar va gumanitar tashkilotlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash tavsiya etilgan.








