Andijondagi maktabda o‘quvchi qizlar mushtlashdi: sinf rahbari ishdan olindi
Uch nafar o‘quvchi qizning o‘zaro tortishuvi janjalga aylangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi maktablardan birida o‘quvchi qizlarning o‘zaro mushtlashgani aks etgan video tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati holat yuzasidan izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 13-oktabr kuni soat 14:00 atrofida Oltinko‘l tumani “Qo‘shtepa” mahallasida joylashgan 11-umumta’lim maktabida, tanaffus vaqtida sodir bo‘lgan. Uch nafar o‘quvchi qizning o‘zaro tortishuvi janjalga aylangan.
Holat nazoratga olinib, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, profilaktika inspektori, maktab rahbariyati hamda o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Suhbat yakunida ota-onalarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini qo‘llash bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, sinfni nazorat qilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sababli sinf rahbari o‘z vazifasidan ozod etilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2014-yilda qurilgan mazkur maktabda 998 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 67 nafar pedagog ta’lim-tarbiya beradi.








