AQSh Eronga qarshi “barcha bombalarning onasi”dan foydalanishi mumkin — CNN
AQSh Eronning energetika va yadroviy obyektlariga zarba berish rejalarini muhokama qilmoqda.

AQSh ma’muriyati Eronga qarshi harbiy amaliyotlar qayta boshlangan taqdirda, norasmiy ravishda “barcha bombalarning onasi” deb ataladigan GBU-43/B MOAB aviabombasidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp harbiy harakatlarni qayta boshlashga buyruq bersa, Eronning energetika infratuzilmasi va yadroviy obyektlariga zarbalar berilishi mumkin.
Manbalardan birining aytishicha, Tramp harbiylarga ehtimoliy zarbalar rejasini ishlab chiqishni topshirgan. Rejalarda Eronning energetika infratuzilmasiga tegishli ko‘plab obyektlar, shuningdek, MOAB bombasidan foydalanish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
CNN qayd etishicha, og‘irligi 9,5 tonnadan ortiq bo‘lgan GBU-43/B MOAB AQSh arsenalidagi eng kuchli yadroviy bo‘lmagan aviabombalardan biri hisoblanadi. U katta hududda kuchli portlash va vayronagarchilik keltirib chiqarishga mo‘ljallangan.
Telekanal manbalariga ko‘ra, AQSh harbiylari Eronning yadroviy obyektlariga, jumladan, Natanz yaqinidagi Kolang Gaz La tog‘i ostida joylashgan inshootga zarba berish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda. Manbalardan biri MOABdan foydalanish chuqur joylashgan obyektlarni yo‘q qilishdan ko‘ra, psixologik ta’sir ko‘rsatish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirgan.
Shu bilan birga, CNN AQSh ma’muriyatida Eron bilan urushni davom ettirish bo‘yicha turli qarashlar mavjudligini ta’kidlaydi. Telekanal manbalariga ko‘ra, ayrim amaldorlar Eronni mag‘lub etish uchun quruqlikdagi qo‘shinlar ishtirokidagi keng ko‘lamli operatsiya zarur deb hisoblaydi. Biroq bunday amaliyot AQSh harbiylari orasida katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Pentagon turli harbiy variantlarni ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda. Shunga qaramay, CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha AQSh ma’muriyatida quruqlikdagi keng ko‘lamli operatsiyani boshlashni qat’iy talab qilayotganlar yo‘q. Tramp ham AQSh qo‘shinlarini Eronga yuborishdan manfaatdor emasligini bildirgan.








