Fransiyada o‘quvchilar namoyishlari: qariyb 8 ming kishi hibsga olindi
Namoyishlar vaqtida politsiya xodimlari, ta’lim sohasi vakillari va o‘quvchilar ham jarohatlangan.

Fransiyada ta’lim islohotlariga qarshi norozilik namoyishlari davomida 7 950 kishi hibsga olindi. Ularning qariyb 80 foizi voyaga yetmaganlar bo‘lgan. Bu haqda BFMTV Fransiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilar bilan bog‘liq 2 700 ta ish ochilgan. Ulardan 2 200 tasi bo‘yicha ogohlantirish, zararni qoplash majburiyati va ayrim hududlarga borishni taqiqlash kabi choralar qo‘llangan.
Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornu 14-oktyabr kuni Senatda so‘zlagan nutqida namoyishlar vaqtida jarohatlanganlar sonini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 937 nafar politsiya xodimi, 149 nafar ta’lim sohasi vakili va 248 nafar o‘quvchi jarohat olgan.
Maktab o‘quvchilari va talabalar ishtirokidagi norozilik namoyishlari sentabr oyining o‘rtalaridan buyon davom etmoqda. Ularda o‘qituvchilar, ota-onalar va kasaba uyushmalari vakillari ham qatnashmoqda.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 13-oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarda 161 500 kishi ishtirok etgan.








