Jahon

Isroil 2023-yildan beri 2 mingdan ortiq falastinlik bolani hibsga oldi — hisobot

Falastinlik mahbuslar jamiyati bolalarga nisbatan qiynoqlar, ochlik va tibbiy yordamdan mahrum qilish holatlari kuzatilayotganini bildirdi.

Isroil 2023-yildan beri 2 mingdan ortiq falastinlik bolani hibsga oldi — hisobot

Isroil qamoqxonalarida hozirda kamida 350 nafar falastinlik bola saqlanmoqda. Falastinlik mahbuslar jamiyati ularning og‘ir sharoitlarda saqlanayotgani, qiynoqlar va tibbiy yordamdan mahrum qilish holatlari kuzatilayotganini bildirdi.

 

Tashkilotning chorshanba kuni e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Isroil kuchlari 2023-yil oktyabridan buyon 2 mingdan ortiq falastinlik bolani hibsga olgan. Hisobotda Isroil rasmiylari falastinlik bolalarni nishonga olishni kuchaytirayotgani ta’kidlangan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, seshanba kuni bosib olingan G‘arbiy Sohilning Xevron shahrida kamida olti nafar bola hibsga olingan. G‘azo sektorida hibsga olingan bolalarning aniq soni esa noma’lum. Tashkilot buni minglab odamlarning, jumladan, bolalarning bedarak yo‘qolgani va majburiy ravishda g‘oyib qilinishi bilan izohlagan.

 

Hisobotda ayblov e’lon qilmasdan va ozod etilish sanasini belgilamasdan hibsda saqlash bolalarni oilaviy hayot hamda ta’limdagi barqarorlikdan mahrum etayotgani qayd etilgan.

 

Qamoqxonalardagi bolalarning ahvoli

 

Tashkilot Isroil qamoqxonalarida qo‘rqitish, qiynoqlar, ochlik va tibbiy yordam ko‘rsatmaslik holatlari kuzatilayotganini bildirgan. Hisobotda 15 yoshli Muhammad Hamidning ishi keltirilgan. U Ofer qamoqxonasida saqlanayotganida qo‘tir kasalligini yuqtirib olgan. Keyinchalik unda og‘ir infeksiyalar rivojlangan, yurak operatsiyasini boshdan kechirgan va og‘ir ahvolda reanimatsiyaga yotqizilgan. Shundan so‘ng uning bir oyog‘i amputatsiya qilingan.

 

Shuningdek, 17 yoshli Valid Ahmad 2025-yil mart oyida Megiddo qamoqxonasida olti oy saqlanganidan keyin vafot etgani qayd etilgan. O‘sha yilning dekabrida Isroil sudyasi uning o‘limi yuzasidan tergovni to‘xtatgan. Sudya ochlikdan aziyat chekkaniga oid dalillar borligini, biroq o‘limning aniq sababi uzil-kesil aniqlanmaganini bildirgan.

 

Isroil qamoqxonalarida amerikalik o‘smirlar ham saqlanmoqda

 

Hisobotda Isroil qamoqxonalarida ayblovsiz saqlangan AQSH fuqarosi bo‘lgan o‘smirlar haqida ham ma’lumot berilgan. Valid Ahmad bilan birga Megiddo qamoqxonasida saqlangan, Floridada yashovchi Muhammad Ibrohim AQSHdagi tashkilotlar va yuqori martabali qonunchilarning sa’y-harakatlaridan so‘ng ozod qilingan.

 

Yana bir amerikalik o‘smir Abdulkariym Iso Ahmad Safiy iyun oyida G‘arbiy Sohildagi uyidan tungi reyd vaqtida olib ketilgan. U hibsda 18 yoshga to‘lganidan keyin Ofer qamoqxonasining voyaga yetganlar saqlanadigan bo‘limiga o‘tkazilgan.

 

Iyul oyida esa 16 yoshli amerikalik Adam Vajeh Abdulfattoh Karakrah hibsga olingan. Uning oilasi garov puli to‘laganidan keyin o‘smir avgust oyida ozod etilishi kutilgan, biroq Isroil rasmiylari qarorni kutilmaganda bekor qilgan.

 

Falastinlik mahbuslar jamiyati xalqaro hamjamiyatni o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan bolalarni ozod qilish, huquqbuzarliklar yuzasidan tergov o‘tkazish hamda qiynoqlar, ochlik va tibbiy yordamdan mahrum qilish holatlariga chek qo‘yish uchun amaliy choralar ko‘rishga chaqirgan.

 

Al Jazeera ma’lumotiga ko‘ra, Isroil 2023-yil oktyabrida boshlangan urushdan beri G‘arbiy Sohilda 25 mingdan ortiq falastinlikni, G‘azo sektorida esa yana minglab kishini hibsga olgan.