Istanbul va yana ikki viloyatda suv toshqini xavfi: o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Kuchli yomg‘ir va shamol suv toshqinlari hamda yo‘llarda harakatlanish qiyinlashishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiyaning Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida istiqomat qilayotgan hamda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarni ob-havo sharoiti yomonlashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, kuchli yomg‘ir va shamol suv toshqinlari, yo‘llarda harakatlanishning qiyinlashishi va boshqa favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan vatandoshlarimizga quyidagi ehtiyot choralariga rioya qilish tavsiya etildi:
-
zarurat bo‘lmasa, uzoq masofalarga safar qilmaslik;
-
kuchli yomg‘ir vaqtida suv to‘planishi mumkin bo‘lgan pastqam hududlar, yerosti yo‘llari va tunnellardan uzoqroq yurish;
-
dengiz sohillari, daraxtlar, elektr uzatish tarmoqlari hamda mustahkam o‘rnatilmagan konstruksiyalar yaqinida ehtiyot bo‘lish;
-
avtomobil boshqarishda tezlikni kamaytirish va xavfsiz masofani saqlash;
-
Turkiyaning vakolatli idoralari tomonidan berilayotgan rasmiy ogohlantirish va tavsiyalarga amal qilish.
Bosh konsulxona fuqarolarni o‘z xavfsizligi va yaqinlarining salomatligiga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi.








