Pokistonda maktab tomi quladi: 32 o‘quvchi va bir o‘qituvchi halok bo‘ldi
Qutqaruvchilar vayronalar ostida yana bolalar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Pokistonning Peshovar shahridagi xususiy maktabda tom qulab tushishi oqibatida kamida 33 kishi, jumladan, 32 nafar o‘quvchi va bir o‘qituvchi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Peshavordagi Lady Reading kasalxonasi vakili Muhammad Asimning ma’lum qilishicha, halok bo‘lgan o‘quvchilarning 20 nafari o‘g‘il, 12 nafari esa qiz bolalardir.
Hodisa oqibatida maktabdan 20 nafar o‘quvchi evakuatsiya qilingan. Ulardan uch nafari og‘ir jarohatlar bilan kasalxonada qolmoqda. Halok bo‘lgan va jarohatlangan bolalarning yoshi 6 dan 12 gacha bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi boshidan jarohat olgan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida yana bolalar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Peshovar politsiyasi boshlig‘i Mian Saidning so‘zlariga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda maktabda 110 nafar o‘quvchi bo‘lgan.
Fojia Xayber-Paxtunxva viloyati poytaxti Peshovarning shimolidagi Dir koloniyasi hududida joylashgan Al-Xayr xususiy o‘quv markazida yuz bergan.
Qutqaruv xizmati vakilining matbuotga aytishicha, binoning tomi uchinchi qavat ustidan qulab tushib, uchinchi va ikkinchi qavatlar orasidagi konstruksiyalarni ham pastga tortgan. Natijada vayronalar sinfxonalardagi o‘quvchilar ustiga qulagan.
Hozircha hodisaning aniq sababi rasman ma’lum qilinmagan. Biroq politsiya boshlig‘i Mian Said dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, binoning konstruksiyasi mustahkam bo‘lmagani qulashga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.








