Tibbiy xizmatlar narxi asossiz oshirilgan: uch hududda qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, iste’molchilardan jami 1 mlrd so‘mdan ortiq ortiqcha mablag‘ undirilgan.

Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar narxlarining shakllantirilishi o‘rganildi. Natijada uch hududdagi ayrim muassasalarda qonunchilik talablari buzilgani va iste’molchilardan ortiqcha mablag‘ undirilgani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Qoraqalpog‘istondagi 7 ta tibbiyot muassasasida 2023–2026-yillardagi pulli xizmatlar narxlari tahlil qilindi. Ayrim muassasalarda soliq imtiyozlariga qaramay, foyda solig‘i xizmatlar tannarxiga kiritilgani va tariflar belgilangan me’yordan oshirilgani aniqlandi. Oqibatda iste’molchilardan jami 331,7 mln so‘m asossiz daromad olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan 6 ta tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida ayrim pulli tibbiy xizmatlar tariflarini o‘rtacha 16,22 foizga pasaytirishga erishilgan.
Samarqand viloyatida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialida xizmatlar narxlarini shakllantirishda qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan. Natijada iste’molchilarga 302,2 mln so‘m ortiqcha hisoblangan. Filialga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Sirdaryo viloyatida esa ikkita tibbiyot muassasasida qonunbuzilishlar qayd etilgan. Onkologiya va radiologiya markazi viloyat filialida 2025-yilda qariyb 4 790 nafar iste’molchidan 76 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olingani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialida pulli xizmatlar narxini hisoblashda bilvosita xarajatlarni qayta taqsimlash koeffitsiyenti belgilangan 38,2 foiz o‘rniga 47,4 foiz miqdorida qo‘llangan. Natijada 2024–2025-yillarda iste’molchilardan 300 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirilgan.
Mazkur filiallarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, xizmatlar narxlarining asossiz oshirilishining oldini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ma’lum qilgan.








