“Zelenskiyning ketish vaqti keldi” — Ilon Mask
Avvalroq Donald Tramp ham Ukrainada yangi prezident saylash vaqti kelganini bildirgan edi.

Amerikalik biznesmen, SpaceX kompaniyasi bosh direktori Ilon Mask Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy iste’foga chiqishi kerakligini aytdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi postida yozdi.
Maskning bayonoti Zelenskiyning britaniyalik teleboshlovchi Pirs Morgan bilan intervyusidan olingan parchani muhokama qilgan foydalanuvchi postiga javoban berildi. Intervyuda Ukraina prezidenti o‘z mamlakatini sotishni istamasligini bildirgan.
“Shunday ekan, qirg‘in davom etadi... Zelenskiyning ketish vaqti keldi”, — deb yozdi Mask.
Avvalroq, 10-oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ham Ukrainada yangi prezident saylash vaqti kelganini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, Zelenskiy Rossiya bilan mojaroni bir necha bor yakunlashi mumkin bo‘lgan, biroq bunday qilmaslikni tanlagan.
Zelenskiy esa Rossiya 60 kunlik sulhga rozi bo‘lgan taqdirda, Ukrainada saylovlar o‘tkazilishi mumkinligini aytgan.
Vladimir Zelenskiyning prezidentlik muddati 2024-yil 20-mayda tugagan. Biroq Ukrainada harbiy holat davom etayotgani sababli u prezident vazifasini bajarishda davom etmoqda.








