2 200 megavattlik 6 ta loyiha: quyosh va shamol stansiyalari ochiq tanlovga chiqariladi
Yangi energetika loyihalari hududlarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib rejalashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasi investorlar bilan muloqotda yangi elektr stansiyalarini joylashtirish va loyihalarni tanlash tartibini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Davlat rahbariga ko‘ra, dastlab “yashil” energiya quvvatlarini tez yaratish maqsadida loyihalar ko‘pincha investorlar taklif qilgan hududlarda joylashtirilgan. Bu investitsiyalarni jalb qilishga yordam bergan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda quvvatlarning to‘planishi elektr energiyasini boshqa hududlarga yetkazish xarajatlarini oshirgan.
“Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak”, — dedi Prezident.
Endilikda qaysi hududda qanday elektr quvvati zarurligi oldindan rejalashtiriladi va tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi. Tanlovga qo‘yiladigan har bir loyiha bo‘yicha yer maydoni, elektr tarmog‘iga ulanish nuqtasi va muddati, elektr energiyasini xarid qilish hamda to‘lov shartlari oldindan e’lon qilinadi.
Barcha investorlar uchun teng talablar belgilanib, to‘lov intizomi va xatarlarni kamaytirish mexanizmlari mustahkamlanadi.
Yaqin vaqtda umumiy quvvati 2 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol elektr stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Prezident investorlarni ushbu tanlovlarda ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, energetika sohasining 2050-yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1-martgacha elektr tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1-iyulgacha esa to‘liq bosh reja taqdim etiladi.
Ushbu hujjatlarda elektr energiyasiga talab qaysi hududlarda oshishi, qanday infratuzilma zarurligi va yangi quvvatlarni qayerda joylashtirish samarali bo‘lishi ko‘rsatiladi. Bu investorlarga uzoq muddatli rejalarini oldindan tuzish imkonini beradi.
Bundan tashqari, “yashil” energiya ishlab chiqaruvchilarga sertifikatlar va karbon kreditlari orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratiladi. Ushbu daromadni davlat va investorlar o‘rtasida adolatli taqsimlash mexanizmlari joriy etiladi. Bunda xalqaro ekologik majburiyatlar va amaldagi shartnomalar hisobga olinadi.








