25 ming dollarlik kelishuv: Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari ushlandi
U tadbirkorga 1 gektar yer maydonini auksion orqali olib berish evaziga pul talab qilgan.

Toshkent viloyatining Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasini tashkil etish uchun tuman hokimligi balansidagi 1 gektar yer maydonini auksion savdolariga chiqarib, olib berishni va’da qilgan. Buning uchun u davlat aktivlarini boshqarish tizimida ishlovchi tanishlari orqali yordam berishini aytib, 25 ming dollar talab qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “g” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








