Avtobus harakati davomida yong‘in sodir bo‘ldimi? Rasmiy munosabat bildirildi
Hodisadan so‘ng avtobus yo‘nalishdan chiqarilib, avtobus saroyiga qaytarilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshshahartransxizmat” AJga qarashli avtobus harakati davomida yong‘in chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, 1-avtobus saroyiga qarashli, davlat raqami 01 641 BKA, saroy raqami 159 bo‘lgan SAZ LE60 rusumli avtobus harakatlanayotgan vaqtda uning turbokompressor qismidan tutun chiqqan.
Haydovchi Baxtiyor Mamatov avtobusni zudlik bilan to‘xtatib, yo‘lovchilarni tushirgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobusning turbokompressor qismlarida nosozlik aniqlangan. Bu yonilg‘ining to‘liq yonmasligi va tutun hosil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Korxona ushbu holatda yong‘in sodir bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, avtobus hodisa kuni ertalab texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan va o‘sha vaqtda soz holatda bo‘lgan. Hozirda transport vositasi yo‘nalishdan chiqarilib, avtobus saroyiga qaytarilgan. Texnik nosozliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” AJ avtobuslar har kuni yo‘nalishga chiqarilishidan oldin belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’kidladi.








