Bola xavfsizligi birinchi o‘rinda: UNICEF O‘zbekistondagi qonunni qo‘llab-quvvatladi
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga moslashtirilgan va muvofiqlashtirilgan yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Joffri Ijumba bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun imzolanganini olqishladi.
“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Har bir bola xavfsiz muhitda, qadr-qimmati hurmat qilingan va huquqlari himoyalangan holda voyaga yetish huquqiga ega”, — dedi u.
Joffri Ijumbaning qayd etishicha, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Barnahus modeli asosida tashkil etilgan “Najot” markazining yaqin orada ochilishi zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga ularning ehtiyojlariga mos, muvofiqlashtirilgan yordam ko‘rsatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qayd etildi.
UNICEF islohotlarni samarali amalga oshirish uchun davlat idoralari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.







