O'zbekiston

Energetika taraqqiyotning yuragi: O‘zbekistonda energetika loyihalari amalga oshiriladi

Umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik oltita energetika loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Energetika taraqqiyotning yuragi: O‘zbekistonda energetika loyihalari amalga oshiriladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda.

 

Davlat rahbari energetikani taraqqiyotning yuragi deb atab, barqaror energiya ta’minoti tadbirkorlar sarmoyasi va aholining ertangi kunga ishonchi uchun muhimligini ta’kidladi.

 

Qayd etilishicha, o‘n yil avval sohadagi muammolarni bartaraf etish, eskirgan quvvatlarni yangilash va ortib borayotgan talabni qondirish vazifalari belgilangan. Shu maqsadda energetika bozori xususiy investitsiyalar uchun ochilib, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etilgan.

 

O‘tgan davrda energetika sohasiga 35 milliard dollar investitsiya kiritildi. Hamkor davlatlar soni esa 2–3 tadan 10 tadan ortiqqa yetdi.

 

Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami elektr ishlab chiqarishdagi ulushi 31 foizga ko‘tarildi. “Yashil” energiya quvvatlari 11,1 gigavattni tashkil etmoqda.

 

Shuningdek, aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 28 foizga oshib, yiliga 2 300 kilovatt-soatga yetdi.

 

Bugun umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik oltita yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish va 400 megavatt energiya saqlash quvvatlari yaratiladi.