Green Card lotereyasi qaytadimi? AQSH sudidan yangi qaror
Green Card lotereyasi 2025-yil dekabrida vaqtincha to‘xtatilgan edi.

AQSHning Kaliforniya shtati Janubiy okrugi federal sudi mamlakat Davlat departamentiga Green Card lotereyasini qayta tiklash bo‘yicha buyruq chiqardi.
Sud hujjatiga ko‘ra, AQSH davlat kotibi Marko Rubio 2027-moliya yili uchun Diversity Visa (DV) dasturida ro‘yxatdan o‘tishni 18-oktabr kuni AQSH Sharqiy vaqti bilan yarim tungacha boshlashi kerak. Ro‘yxatdan o‘tish muddati 30 kun etib belgilangan. Shuningdek, Davlat departamentiga ro‘yxatdan o‘tish boshlanadigan sanani rasmiy veb-saytida e’lon qilish topshirilgan.
2025-yil dekabr oyida AQSH ma’muriyati Providens shahridagi Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng Green Card lotereyasini vaqtincha to‘xtatgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumni sodir etgan shaxs mamlakatga ushbu viza dasturi orqali kelgan.
Green Card AQSHda doimiy yashash va qonuniy ishlash huquqini beruvchi rezidentlik maqomini tasdiqlaydi. Diversity Visa dasturi orqali AQSH har yili immigratsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolari uchun 55 mingtagacha immigratsion viza ajratadi.







