Jahon

Har yili 3,5 milliondan ortiq o‘lim: JSST qo‘rg‘oshin xavfidan ogohlantirdi

Qo‘rg‘oshin bo‘yoqlar, kosmetika, ziravorlar va sanoat ifloslanishi orqali inson organizmiga tushishi mumkin.

Har yili 3,5 milliondan ortiq o‘lim: JSST qo‘rg‘oshin xavfidan ogohlantirdi

 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatlarni aholini qo‘rg‘oshin bilan zaharlanishdan himoya qilish choralarini kuchaytirishga chaqirdi. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, qo‘rg‘oshin ta’siri har yili dunyo bo‘ylab 3,5 milliondan ortiq o‘limga sabab bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

 

JSST qo‘rg‘oshin ta’sirini keng tarqalgan, ammo oldini olish mumkin bo‘lgan sog‘liq uchun xavf sifatida baholaydi. Yuz millionlab bolalar ushbu zaharli modda ta’siri xavfi ostida qolmoqda.

 

Qo‘rg‘oshin manbalari qatoriga bo‘yoqlar, oshxona anjomlari, kosmetika mahsulotlari, ziravorlar, sanoat ifloslanishi va chiqindilarni noto‘g‘ri boshqarish amaliyotlari kirishi mumkin. Tashkilotning ta’kidlashicha, qo‘rg‘oshin ta’sirining xavfsiz darajasi mavjud emas. Hatto uning nisbatan kam miqdori ham inson salomatligiga qaytarib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi mumkin.

 

JSST bu haqda 18–24-oktabr kunlari o‘tkaziladigan Xalqaro qo‘rg‘oshin bilan zaharlanishning oldini olish haftaligi arafasida ma’lum qildi.

 

Tashkilotning qayd etishicha, so‘nggi o‘n yilliklarda bu borada muayyan yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, dunyo mamlakatlarining yarmidan kamrog‘ida qo‘rg‘oshin saqlovchi bo‘yoqlarni cheklash bo‘yicha qonuniy majburiy choralar joriy etilgan. JSST davlatlarni qo‘rg‘oshin ta’sirining oldini olish va aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.