Kontraktning 25 yoki 50 foizi: talabalar qachongacha to‘lashi kerak?
Shuningdek, kunduzgi bakalavriatda o‘qiyotgan pedagoglar farzandlari kontrakt summasining 30 foizini qoplab berish uchun ariza topshirishi mumkin.

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 1-noyabrga qadar uzaytirildi. Bu haqda Ta’lim va ilm-fan vazirligi xabar berdi.
Mazkur muddat bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan yoki ko‘chirib tiklangan, shuningdek, o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.
Belgilangan muddatgacha bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha yillik summaning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa kamida 50 foizi to‘lanishi lozim.
Pedagoglar farzandlari uchun 30 foizlik imtiyoz
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagog xodimlarning farzandlari uchun kontrakt summasining 30 foizini qoplab berish tartibi joriy etilgan.
Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza yuborish kerak.








