Peshlavha uchun ortiqcha hujjat kerak emas: tashqi reklamaga oid tartib o‘zgardi
O‘zbekistonda endi bino va inshootlardagi peshlavhalar tashqi reklama hisoblanmaydi.

Hukumat qarori bilan tashqi reklamani joylashtirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti o‘zi egallab turgan bino yoki inshootning tashqi tomonida, jumladan, kirish qismida joylashtirgan korxona nomi va faoliyat turi haqidagi axborot peshlavha hisoblanadi va tashqi reklama sifatida baholanmaydi. Bu qoida peshlavhada ko‘rsatilgan firma nomi hamda tovar yoki xizmat ko‘rsatish belgilariga ham tegishli. Bunday peshlavhalar uchun reklama joyi pasporti talab etilmaydi.
Shuningdek, yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli avtotransport vositalariga tovar belgisi, faoliyat turi, mahsulot va xizmatlari haqidagi reklamani soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin.
Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron xabarnoma yuborish kifoya. Xabarnoma qabul qilingach, reklama joyi pasporti avtomatik shakllantiriladi va buning uchun yig‘im undirilmaydi.
Agar xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki boshqa shaxsga tegishli tovar belgisidan foydalanish holati aniqlansa, pasport avtomatik bekor qilinadi. Bunda yuridik shaxsga asoslantirilgan xat yuboriladi. Pasportdan ixtiyoriy voz kechish uchun ham YIDXP orqali ariza berish mumkin.
Qarorda qisqa muddatli reklamalarni joylashtirish muddatlari ham belgilandi. Jumladan, qurilish obyektlaridagi reklamalar qurilish ishlari yakunlanguniga qadar, bayram va boshqa tadbirlarga oid reklamalar esa 30 kungacha joylashtirilishi mumkin.
“Dizayn-kod” talablari bo‘yicha ham yangi tartib joriy etiladi. Tashqi reklama obyektlariga qo‘yiladigan talablarni o‘zgartirish haqidagi qarorlar jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, regulation.gov.uz portalidagi muhokamadan o‘tkazilgandan keyin qabul qilinadi. Ular e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Bunda ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisidan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart.
Toshkent shahrining “dizayn-kodi” 10-dekabrga qadar tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokida muhokama qilinadi.
Tashqi reklama obyektlarini majburiy demontaj qilish tartibi ham belgilandi. Demontaj sanasi va vaqti haqida ikki kun oldin veb-saytda e’lon berilishi, obyekt egasiga esa yozma xabar yuborilishi kerak.
Demontaj ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Jarayonda obyekt egasi ishtirokida dalolatnoma tuziladi. Unda demontaj sanasi, vaqti va sababi, fotosuratlar hamda konstruksiya saqlash uchun yuborilgan manzil qayd etiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga tegishli qaror va xabarnomalar ularning yuridik manziliga yozma ravishda ham yuboriladi. Tashqi reklama obyektlarining joylashtirilishi ustidan jamoatchilik nazorati esa “Xalq nazorati” elektron portali orqali amalga oshiriladi.








