O'zbekiston

Toshkentda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar: 17,9 kmni tashkil etadi

Loyihaning dastlabki qiymati 6,5 milliard so‘mga baholanmoqda.

Toshkentda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar: 17,9 kmni tashkil etadi

Toshkent shahrida avtobuslar harakatini tezlashtirish maqsadida to‘rtta ko‘cha va shohko‘chada alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Loyihaning dastlabki qiymati 6,5 milliard so‘mga baholanmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

 

Loyiha doirasida quyidagi ko‘chalarning jami 17,9 kilometr qismida ishlar olib boriladi:

 

  • Muqimiy ko‘chasi — 4,6 km;
  • Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari — 4,2 km;
  • Parkent ko‘chasi — 2,8 km;
  • Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi — 6,3 km.

 

Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan 150 kilometrdan ortiq yo‘l qismini tahlil qilgan. Natijada qariyb 18 kilometrda ishlarni boshlash tavsiya etilgan.

 

Loyiha uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasidan mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun budjet shakllantirilmoqda. Buyurtmachi sifatida “Toshkent invest kompaniyasi” AJ belgilanishi kutilmoqda.

 

Qurilishdan oldin muhandislik kommunikatsiyalari holati tekshiriladi. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi, tirbandliklarning oldini olish, piyodalar yo‘laklari, bekatlar va yoritish tizimiga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda avtomobillar soni har yili taxminan 30 mingtaga ko‘paymoqda. Alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etishdan maqsad jamoat transportining tezligi va qulayligini oshirib, uni shaxsiy avtomobilga muqobil vositaga aylantirishdir.