Toshkentda havo sifati yomonlashdi: ayrim hududlarda ifloslanish darajasi oshdi
Ayrim hududlarda qisqa muddatli nosog‘lom daraja qayd etilgan.

16-oktabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida noqulay meteorologik sharoitlar ta’sirida atmosfera havosi sifati yomonlashdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15-oktabr soat 21:00 dan boshlab Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha ko‘rsatkichlar sezgir guruhlar uchun nosog‘lom darajaga ko‘tarilgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar 16-oktabr soat 00:00 atrofida kuzatilgan, ayrim hududlarda esa qisqa muddatli nosog‘lom daraja qayd etilgan.
Tunda havo harorati 11,8 darajagacha pasaygan, shamol tezligi 0,7–1,5 m/s atrofida bo‘lgan. Kuchli harorat inversiyasi sabab havo almashinuvi susayib, PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘plangan.
Prognozlarga ko‘ra, 16-oktabr kuni Toshkentda havo sifati asosan AQI bo‘yicha o‘rtacha darajada bo‘lishi kutilmoqda. Kechga yaqin ayrim hududlarda havo sifati qisqa muddatga sezgir guruhlar uchun nosog‘lom darajaga yetishi mumkin.
Milliy havo sifati indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosan yashil, ayrim hududlarda esa sariq darajada bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ayni paytda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilib borilmoqda.








