Toshkentda issiq suv nega hidlanyapti? Laboratoriya tekshiruvi boshlandi
Beshta tumanda issiq suv sifati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha tekshiruv boshlandi.

Toshkent shahrining Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Yunusobod tumanlari aholisi issiq suvdan begona kimyoviy hid kelayotgani yuzasidan shikoyat qilmoqda. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi ma’lum qildi.
Kompaniya axborotiga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya mutaxassislari vaziyatni o‘rganish uchun joylarga chiqib, suv manbalari va xonadonlardan namunalar olgan. Ularda kimyoviy, bakteriologik va organoleptik tahlillar o‘tkaziladi.
Veolia Energy Tashkent ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya issiqlik energiyasi va issiq suvni turar joy binolarining podvaligacha yetkazib berish hamda taqsimlash bilan shug‘ullanadi. Mazkur tumanlarga tarmoq suvi esa «Toshkent Issiqlik Elektr Markazi» AJ tomonidan yetkazib beriladi.
Suv sifati yuzasidan olingan ma’lumotlar yetkazib beruvchi korxonaga yuborilgan. Bu orqali texnologik jarayonni me’yorlashtirish va magistral tarmoqlarni yuvish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Kompaniya vaziyat nazoratda ekanini va tahlil natijalari tekshiruv yakunlangach e’lon qilinishini bildirildi.








