Ukrainadagi mojaro Zelenskiysiz hal qilinishi mumkin — Tramp
AQSH prezidenti Zelenskiy bilan muzokara olib borish Putinga qaraganda qiyinroq ekanini bildirdi.

Donald Tramp Ukrainadagi mojaro yakunda hal qilinishini, biroq bu jarayon Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokisiz kechishi mumkinligini bildirdi. U bu haqda Newsmax nashriga bergan intervyusida gapirgan.
“Menimcha, ular oxir-oqibat u yoki bu tarzda yechim topadi. Lekin bu uning ishtirokisiz bo‘ladi, chunki u kelishuvni istamaydi”, — degan Tramp. Uning fikricha, Zelenskiy tinchlikka erishish istagi haqida gapirsa-da, amalda bu borada yetarli harakat qilmayapti.
Tramp, shuningdek, Ukraina tomonidan Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga berilayotgan zarbalarni tanqid qildi. Uning aytishicha, bunday hujumlar jahon bozorida neft narxining oshishiga olib kelishi mumkin va Ukraina boshqa nishonlarga e’tibor qaratishi kerak.
AQSH prezidenti Zelenskiy bilan ishlash qiyinligini ham ta’kidlagan. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbarining muzokaraga tayyorligini solishtirar ekan, Zelenskiy bilan kelishuvga erishish Putinga qaraganda qiyinroq ekanini aytgan.
Avvalroq Zelenskiy Ukraina Rossiyaning energetika infratuzilmasiga zarbalarni qayta boshlaganini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev energetika obyektlariga hujumlarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga rioya qilgan, biroq Rossiyaning harakatlarini kuzatib boradi.
The Wall Street Journal nashri xabariga ko‘ra, Vashington Kiyevdan Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatishni kamida olti marta so‘ragan.







