Xitoy Isroildan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy qurilishlarni to‘xtatishni talab qildi
Pekin Falastin masalasini XXI asrning eng katta tarixiy adolatsizligi deb atab, mojaroni ikki davlat yechimi asosida hal etish va G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlashga chaqirdi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Isroil prezidenti Isaak Gersog bilan Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroilni bosib olingan G‘arbiy Sohilda manzilgohlar barpo etishni to‘xtatish va avvalgi harakatlarni ortga qaytarishga chaqirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 16-oktyabr kuni ma’lum qildi.
Van Ining ta’kidlashicha, Xitoy Falastin masalasini XXI asrning eng katta tarixiy adolatsizligi deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni hal etishning eng maqbul yo‘li — Isroil va Falastin mustaqil davlatlar sifatida tinch-totuv yashashini nazarda tutuvchi ikki davlat yechimidir.
Xitoy tashqi ishlar vaziri G‘azo sektoriga kirish imkoniyatlarini to‘liq ochish zarurligini ham ta’kidladi. Uning fikricha, bu gumanitar inqirozning yanada chuqurlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Pekin xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda tomonlarni imkon qadar tezroq muloqotga qaytarish va mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv Van Ining Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha konferensiyaning yettinchi sammitida ishtirok etishi doirasida tashkil etilgan. U sammitda Xitoy raisi Si Szinpinning maxsus vakili sifatida qatnashmoqda.







