Ar-Riyod aeroportidagi vaziyat: Rossiya fuqarolariga Saudiya Arabistoniga bormaslik tavsiya qilindi
Hozircha Rossiya fuqarolarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmayapti.

Rossiyaning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi fuqarolariga havo qatnovi tiklanguniga qadar qirollikka safar qilishdan tiyilishni tavsiya qildi. Bu haqda diplomatik vakolatxona “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Elchixona vakillarining tushuntirishicha, hozirgi asosiy qiyinchiliklar Ar-Riyod aeroporti faoliyatining vaqtincha to‘xtatilgani va mamlakatdagi bir nechta yirik aeroportlar ishida uzilishlar kuzatilayotgani bilan bog‘liq. Zarurat tug‘ilsa, fuqarolarga Saudiya Arabistonining boshqa shaharlaridagi yoki qo‘shni davlatlardagi aeroportlardan foydalanish tavsiya etilgan.
Diplomatik vakolatxona Rossiya fuqarolarini evakuatsiya qilish rejalashtirilmaganini ham bildirgan. Bunga fuqarolar uchun bevosita xavfsizlik tahdidi yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oktabr oyida husiylar Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga besh marta yirik havo hujumini uyushtirgan. 10-oktyabrdagi hujum 2015-yildan beri eng ko‘p talafot keltirgan hujum sifatida qayd etilgan: 18 kishi halok bo‘lgan, kamida 300 kishi jarohatlangan.
Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni aeroportni 17-oktyabrgacha yopgan va aviakompaniyalar bir qator reyslarni bekor qilgan. 14-oktyabr kuni aeroport yana hujumga uchragani xabar qilingan.
Qirol Xolid xalqaro aeroporti Saudiya Arabistonidagi jami yo‘lovchi havo qatnovining 29 foizini tashkil qiladi.








