Dronlar tahdidi va yuzlab bekor qilingan reyslar: Rossiya aeroportlarida vaziyat qanday?
Oktabr oyining dastlabki ikki haftasida Moskvaning to‘rtta aeroportidagi cheklovlar jami 101 soat davom etdi.

Rossiyada Ukraina dronlari hujumi xavfi sabab aeroportlar faoliyatidagi uzilishlar ko‘paymoqda. 16-oktabrga o‘tar kechasi Moskvaning Sheremetyevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlari reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan.
DW xabarlariga ko‘ra, ayrim aeroportlarda cheklovlar bir necha soat davom etgan. Natijada yuzlab reyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan. Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida ham vaqtinchalik cheklovlar joriy etilib, ayrim yo‘lovchilar reyslarini uzoq vaqt kutishga majbur bo‘lgan.
Rossiya Federal havo transporti agentligi — Rosaviatsiya mamlakatning boshqa hududlaridagi aeroportlarda ham xavfsizlik sababli vaqtinchalik cheklovlar joriy etilganini bildirgan. Ular orasida Penza, Saratov, Ufa, Nijniy Novgorod, Qozon, Perm, Kaliningrad, Samara va Yekaterinburg aeroportlari ham bor.
“Agentstvo” nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, oktyabr oyining dastlabki ikki haftasida Moskvaning to‘rtta aeroportidagi faoliyat cheklovlari jami 101 soatni tashkil etgan. Sentabr oyida bu ko‘rsatkich 46 soat bo‘lgan.
14-oktabrga o‘tar kechasi Moskvaning to‘rtta aeroporti bir vaqtning o‘zida taxminan yetti soatga yopilgan. Bu ushbu turdagi uzilishlar bo‘yicha rekord ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.
Aeroportlarning tez-tez yopilishi Rossiyada havo qatnovining barqarorligini saqlash masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda. Cheklovlar davomiyligi va ko‘lami esa yo‘lovchilar, aviakompaniyalar hamda aeroportlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.








