Eron hutiylarga Ar-Riyod aeroportiga hujum qilishda yordam bergan — WSJ
Eronning ko‘magi harbiy tayyorgarlik, razvedka va raketalarni boshqarish bo‘yicha yordamni o‘z ichiga olgan.

Eron Saudiya Arabistonidagi neft infratuzilmasi, energetika obyektlari va aeroportlarga hujumlar uyushtirgan Yamandagi hutiylarga yordam bergan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri Saudiya Arabistoni razvedka idoralariga yaqin manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, Eronning ko‘magi uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalarni boshqarish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash, razvedka maʼlumotlarini yetkazish hamda taktik ko‘rsatmalar berishni o‘z ichiga oladi.
Manbalarning taʼkidlashicha, hutiylar yaqinda amalga oshirgan hujumlardan biri Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi aeroportga qaratilgan. Ushbu hujum oqibatida 10 dan ortiq kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan.
WSJ maʼlumotlariga ko‘ra, Eronning ko‘magi hutiylarga Yamandagi nazorati ostida bo‘lgan hududlarni kengaytirish, jumladan, strategik ahamiyatga ega Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi yaqinidagi hududlarni egallash imkonini bergan.
Nashr manbalari iyul oyida Erondan hutiylar nazoratidagi hududlarga ikkita reys amalga oshirilganini ham bildirgan. Rasman ushbu parvozlar Yaman ziyoratchilari va delegatsiyalarini tashish bilan izohlangan. Biroq manbalarga ko‘ra, samolyotlarda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IRGK) aloqador harbiy mutaxassislar, shuningdek, dronlar uchun ehtiyot qismlar va boshqaruv tizimlari olib kelingan.
Saudiya Arabistoni tarafdori bo‘lgan kuchlar Sanodagi aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagiga zarba berib, ikkinchi reysning qo‘nishiga to‘sqinlik qilishga uringan. Bu esa mojaroning yana-da keskinlashishiga olib kelgan.








