Ikki samolyot Moskvaga qo‘na olmadi: O‘zbekiston reyslari yo‘nalishi o‘zgartirildi
Moskvada ehtimoliy dron hujumi xavfi sabab “Kovyor” rejimi joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent va Samarqanddan Moskvaga uchgan ikkita yo‘lovchi samolyoti belgilangan manziliga qo‘na olmadi. Bunga Moskva aeroportlarida parvozlar vaqtincha cheklangani sabab bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdan Moskvaga uchgan “Aeroflot” samolyoti Sankt-Peterburgga, Samarqanddan uchgan “Ural Airlines” samolyoti esa Yekaterinburgga yo‘naltirilgan.
Moskvada ehtimoliy dron hujumi xavfi sabab “Kovyor” rejimi joriy etilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq aeroportlardagi cheklovlar aynan dronlar bilan bog‘liq ekani hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Shuningdek, Vnukovo xalqaro aeroportidagi vaqtinchalik cheklovlar va samolyotlarning kechikib yetib kelishi sabab Uzbekistan Airways 17–18-oktabr kunlari ayrim aviaqatnovlarini o‘zgartirilgan yo‘nalish va jadval asosida amalga oshirishini ma’lum qildi.








