«Qattiq chora ko‘ring»: ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan yigit qamaldi
22 yoshli yigit yo‘l bo‘yida savdo qilayotgan ayolga nomaqbul taklif bilan murojaat qilgan.

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi M-39 magistral yo‘li bo‘yida savdo qilayotgan ayolning oldiga mast holatdagi yigit kelib, unga pul evaziga jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan.
Jabrlanuvchi ayol bu taklifdan norozi bo‘lib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Holatni o‘rgangan ichki ishlar xodimlari yigitga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirib, hujjatlarni sudga taqdim etgan.
Ayolning ko‘rsatmalariga ko‘ra, u dastlab yigitning chaqiruviga javob bergan. Ammo uning maqsadini anglagach, voqea yuzasidan tegishli chora ko‘rilishini istagan.
Sud majlisida yigit ayolning ko‘rsatmalarini tasdiqlagan. U qilmishini mast holatda sodir etganini aytib, yengillik berishni so‘ragan.
Jabrlanuvchi esa sudda huquqbuzarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishini talab qilgan.
«Qattiq chora ko‘ring!» — deya u o‘z noroziligini bildirgan.
Sud jabrlanuvchining ko‘rsatmalari va ish materiallarini ko‘rib chiqib, 22 yoshli yigitga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.








