O'zbekiston

“Qaytib bu ishni qilmayman”: 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisining mashinasini haydadi

Qo‘shnisiga tegishli avtomobilini boshqarib, videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagan o‘quvchi va uning onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qonuniy chora ko‘rildi.

“Qaytib bu ishni qilmayman”: 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisining mashinasini haydadi



Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisiga tegishli Spark avtomobilini boshqargani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.


Maʼlum qilinishicha, 19-maktab o‘quvchisi avtomobilni haydab, bu jarayonni tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Holat keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.


YHXB xodimlari voyaga yetmagan bola va uning onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan.


O‘quvchi onasining aytishicha, u o‘g‘lining avtomobil boshqarganidan bexabar bo‘lgan. Biroq farzandining mashina haydashga qiziqishi borligini bilgan.


“O‘g‘limning mashina haydashidan xabarim yo‘q edi, lekin qiziqishi bor edi. Mening bitta o‘g‘lim bor, o‘qimishli bo‘lishini xohlayman. Ingliz tili, matematika fanlariga to‘garaklariga berganman. O‘zidan katta bolalarga qiziqib, shu qiziqishi tufayli mashina haydashga o‘tib olgan. Bundan keyin tarbiyasiga o‘zim javobgarlikni olaman”, — degan u.


Ona bundan keyin farzandining tarbiyasiga ko‘proq eʼtibor qaratishini bildirgan.


O‘quvchi esa qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, bunday holatni boshqa takrorlamaslikka vaʼda bergan.


“Men Spark mashinasini haydaganman. Bundan afsuslanaman. Qaytib bu ishni qilmayman. Qoidalarni bilmas ekanman”, — degan u.


Shuningdek, u tengdoshlarini ham bunday harakatlardan tiyilishga chaqirgan.


YHXB maʼlumotiga ko‘ra, holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilgan.