Qog‘ozbozlik va ortiqcha yig‘ilishlar: O‘zbekistonda o‘qituvchilar uchun o‘zgarishlar rejalashtirilmoqda
Ta’lim va fan vaziri pedagoglarning maqomini oshirish, ma’muriy ishlarini kamaytirish va ta’lim sifatini yaxshilash masalalarini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos etish va ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov Telegram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Vazir maktabgacha va maktab ta’limi yo‘nalishlari uchun mas’ul rahbarlar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar bilan tanishgan. Yig‘ilishda ta’lim tizimining hozirgi holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ko‘rib chiqilgan.
Muhokamalarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni har tomonlama rivojlantirish va maktabga sifatli tayyorlash, umumta’lim maktablarida esa o‘quv standartlarini takomillashtirish hamda o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirish darajasini oshirish masalalariga e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, pedagoglarning jamiyatdagi obro‘si va maqomini oshirish, ularni ortiqcha ma’muriy ishlardan ozod etish hamda ta’lim tizimi rahbariyati tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilishlar sonini sezilarli darajada kamaytirish masalalari muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar o‘qituvchilarning vaqt va kuchini ta’lim sifatini oshirish, har bir bolaning bilim olishi va individual qobiliyatlarini rivojlantirishga yo‘naltirishga xizmat qilishi kerak.








