Tramp va Putinning dizel kelishuvi: AQSH Kongressida uni bekor qilish taklif etildi
Qonun loyihasi qabul qilinsa, Rossiya dizelini xalqaro bozorlarga yetkazib berishga berilgan vaqtinchalik ruxsat bekor qilinishi mumkin.

AQSH Kongressiga Rossiya dizel yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha yumshatish haqidagi ruxsatnomani bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi.
Hujjat muallifi — Vakillar palatasidagi demokrat kongressmen Gregori Miks. Loyihani yana 16 nafar demokrat va respublikachi Don Beykon qo‘llab-quvvatlagan.
“Rossiya bilan korrupsion neft bitimlarini taqiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasida AQSH Moliya vazirligining 9-oktyabrda bergan ruxsatnomasini bekor qilish taklif etilgan. Ushbu hujjat Rossiya dizel yoqilg‘isini 2027-yil 7-aprelgacha xalqaro bozorlarga yetkazib berishga imkon bergan edi.
Shuningdek, qonun loyihasi kelgusida shunday ruxsatnomalar berilishini taqiqlash, Rossiya energetika sohasiga AQSH davlat investitsiyalarini cheklash va ushbu sohaga qarshi sanksiyalar joriy etishni nazarda tutadi.
Miksning ta’kidlashicha, kelishuv amerikaliklarning xarajatlarini kamaytirmaydi, aksincha, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun millionlab dollar daromad keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Donald Tramp 9-oktyabr kuni Putin bilan telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng Rossiya dizel yoqilg‘isini AQSH va jahon bozorlariga yetkazib berishi haqida ma’lum qilgan edi. Trampning aytishicha, dastlab 300 ming tonnadan ortiq, noyabrda yana 500 ming tonna va keyinchalik qo‘shimcha 1 million tonna yoqilg‘i yetkazib berish rejalashtirilgan.
Trampning Rossiya yoqilg‘isiga qo‘yilgan cheklovlarni vaqtincha yumshatish qarori AQSHdagi ayrim demokrat va respublikachi siyosatchilar, shuningdek, Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari tomonidan tanqid qilingan.








