O‘yinchoq ichidan gashish chiqdi: ayol ushlandi
Giyohvand modda Toshkentga olib ketilayotgan bo‘lgan.

Toshkent viloyati IIBB xodimlari Toshkent shahriga giyohvand modda olib ketayotgan ayolni qo‘lga oldi. U moddalarni chaqaloq ko‘rinishidagi bolalar o‘yinchog‘i ichiga yashirgan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Nurafshon shahar IIB tezkor xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida Bektemir tumanida harakatlanayotgan “Nexia 3” avtomobili to‘xtatib tekshirilgan.
Tekshiruvda 1970-yilda tug‘ilgan G.A. ismli ayolning buyumlari orasidan ichiga giyohvand modda yashirilgan o‘yinchoq topilgan. Uning ichidan har biri 100–150 grammdan qadoqlangan, jami sakkiz dona gashish moddasi aniqlangan.
Surishtiruvlarga ko‘ra, ayol giyohvand moddalarni Farg‘ona viloyatidan sotib olib, Toshkent shahrida sotish maqsadida olib kelayotgan bo‘lgan.
Avtomobil haydovchisi esa “Yandex” tizimi orqali taksi xizmatini ko‘rsatishini va ayolni birinchi marta ko‘rayotganini bildirgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda giyohvand moddalar manbasini aniqlash bo‘yicha tezkor-surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi uchun qonunchilikda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.








