O‘zbekiston va AQSH munosabatlari: Markaziy Osiyo jahon matbuoti diqqat markazida
Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi xalqaro nashrlarda yoritildi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi va Samarqandda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formatidagi uchrashuv xorijiy OAV e’tiborini tortdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Reuters, AFP, Yahoo News, Barron’s, Eurasia Review, MSN, TV5 Monde va Internazionale nashrlari tashrifni AQSHning Markaziy Osiyodagi diplomatik faolligi ortishi, mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlash nuqtayi nazaridan yoritmoqda.
Reuters mintaqaning tabiiy resurslarga boyligi va Vashingtonning savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganiga e’tibor qaratgan. AFP esa AQSHning Markaziy Osiyodagi strategik ishtirokini kengaytirish orqali mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilayotganini qayd etgan.
Xorijiy OAV Samarqandda C5+1 formatida o‘tkaziladigan vazirlar uchrashuviga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Unda AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati umumiy ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, tashrifning xalqaro matbuotda keng yoritilishi Markaziy Osiyoning AQSH tashqi siyosatidagi o‘rni ortib borayotganini aks ettiradi.








