17 yoshli kuryer bilan mojaro: restoran xodimi 5 sutkaga qamaldi
Tekshiruvda piyodalar yo‘lagidan foydalanish qoidabuzarliklari ham aniqlanib, yozgi maydoncha olib tashlandi.

Toshkentning Mirobod tumanida restoran vakili va voyaga yetmagan kuryer o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro ortidan bir qator choralar ko‘rildi. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 17-oktabr kuni soat 13:00 atrofida restoran oldida sodir bo‘lgan. 1990-yilda tug‘ilgan S.R. va 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan yigit o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Tarqalgan videoda restoran vakilining kuryerga qo‘pol muomala qilgani va unga tahdid qilgani aks etgan.
Holat yuzasidan S.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi — mayda bezorilik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar sudga yuborilgan. 18-oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining qarori bilan unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, voqeadan keyin «Moviy gumbazlar» xiyoboni hududidagi restoran yozgi maydonchasining joylashuvi ham tekshirilgan. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, hududdan foydalanish talablariga, jumladan, piyodalarning erkin harakatlanishiga oid qoidabuzarliklar aniqlangan. Shundan so‘ng piyodalar yo‘lagi stol va stullardan bo‘shatilgan.
Restoran ma’muriyati esa yo‘lak piyodalar, bolalar aravachasi bilan yuruvchilar va harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiq ekanini bildirgan. Shuningdek, muassasa mojaro holati va kuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganayotganini, xodimlarning qo‘pol muomalasi va tahdidlariga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgan.
Keyinchalik mojaro ishtirokchisi kuryerdan uzr so‘rab, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.








