Istanbuldagi suv toshqinlari: sakkiz kishi halok bo‘ldi
Rasmiylarga tabiiy ofat yetkazgan moddiy zarar yuzasidan qariyb 20 mingta murojaat kelib tushgan.

O‘tgan hafta Istanbul va uning atrofida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni dushanba kuni sakkiz kishiga yetdi.
Qutqaruvchilar Turkiyaning eng yirik shahri so‘nggi 80 yildan ortiq vaqt ichidagi eng kuchli jala yomg‘irlaridan jabr ko‘rganidan so‘ng yana bir necha kishining jasadini topdi.
Istanbul gubernatori Davut Gul jurnalistlarga bergan ma’lumotiga ko‘ra, shaharda olti kishi halok bo‘lgan. Qo‘shni viloyatda halok bo‘lgan yana ikki kishining jasadi megapolisning janubi-sharqiy chekkasiga oqim orqali olib kelgan.
Rasmiylar ma’lum qilishicha, 14-oktyabr, chorshanba kuni kuzatilgan tarixiy darajadagi jala 1942-yilda kuzatuvlar boshlanganidan buyon eng kuchlisi bo‘lgan. Kuchli yog‘ingarchilik tartibsizliklar va to‘satdan yuz bergan suv toshqinlariga sabab bo‘lgan.
Gubernatorning aytishicha, payshanba holatiga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan.
Halok bo‘lganlar orasida ko‘lmakka qadam qo‘yishi oqibatida elektr toki urgan 14 yoshli bola ham bor. Juma kuni Oltin Shox qo‘ltig‘i quyilish joyidan to‘rtinchi jasad topilgan, yakshanba kuni esa beshinchi jasad aniqlangan. Har ikkisi ham erkak kishiga tegishli bo‘lgan.
Dushanba kuni Davut Gul matbuot xizmati Oltin Shox qo‘ltig‘idagi Ayvansaray parom bekati yaqinidan yana bir erkakning jasadi topilganini ma’lum qildi. U avvalroq bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan edi.
“Istanbulda jami olti kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda”, — dedi Gul jurnalistlarga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Istanbuldan tashqarida, qo‘shni Kojaeli viloyatida yana ikki kishi halok bo‘lgan.
“Kojaelida halok bo‘lgan va oqim olib ketib, Pendikkacha yetib kelgan ikki kishining jasadi qidiruv-qutqaruv guruhlarimiz tomonidan topildi. Shu tariqa, jami sakkiz kishining jasadi aniqlandi”, — dedi gubernator.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan yana bir kishini qidirish ishlari davom etmoqda.
Gulning ta’kidlashicha, kuchli yomg‘ir va u bilan bog‘liq suv toshqinlari oqibatida yetkazilgan moddiy zarar yuzasidan hozirgacha rasmiylarga qariyb 20 mingta murojaat kelib tushgan.








