Marixuana va pnevmatik qurol: Qibrayda noqonuniy saqlangan ashyolar aniqlandi
Muqaddam sudlangan fuqaroning yer maydonidan giyohvandlik vositasi topildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan fuqaroga qishloq xo‘jaligi maqsadlarida uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydoni hududi ko‘zdan kechirilgan.
Xolislar ishtirokida yer maydoni chetida joylashgan ikkita konteyner tekshirilganda, ulardan quruq holatda saqlanayotgan jami 7 kilogramm marixuana, IJ-38 rusumli pnevmatik qurol hamda 12 millimetr kalibrli uchta patron topilgan. Ushbu ashyolar dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.








