Shar sabab elektr uzildi: to‘rtta tuman elektrsiz qoldi
Barcha iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish 33 daqiqada to‘liq tiklandi.

19-oktyabr kuni Toshkentning to‘rtta tumani ayrim hududlarida kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilish havoda uchib kelgan shar “Aksa Toshkent” issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga tushishi oqibatida yuzaga kelgan. Barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti soat 19:38 da to‘liq tiklangan.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan stansiyada sodir bo‘lgan. Natijada himoya tizimi ishga tushib, elektr stansiyasi quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan.
Buning oqibatida Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilgan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da zaxira manbalar orqali ta’minot to‘liq tiklangan, 19:38 ga kelib esa barcha iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilgan.
Vazirlik fuqarolardan elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmaslikni so‘radi. Bunday holatlar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.








