“Asosiy vazifa — erishilgan ushbu kelishuvlarni aniq amaliy natijalarga, ya’ni investitsiyalar, zamonaviy korxonalar va yangi ish o‘rinlariga aylantirish” — Saida Mirziyoyeva
Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, yuzdan ortiq kompaniya vakillari qatnashgan yig‘ilishda sarmoya kiritish, biznesni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Saida Mirziyoyeva Kengashning tashkil etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini kengaytirishini ta’kidladi. Shuningdek, u tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani va O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi uchun Marko Rubio, uning rafiqasi Janett xonim hamda Serjio Gorga minnatdorlik bildirdi.
“Endi oldimizdagi asosiy vazifa — erishilgan ushbu kelishuvlarni aniq amaliy natijalarga, ya’ni investitsiyalar, zamonaviy korxonalar va yangi ish o‘rinlariga aylantirishdir. AQSh bilan hamkorlikni rivojlantirishdan ko‘zlagan maqsadimiz ham shu” — deb yozdi Prezident Administratsiyasi rahbari.








