Kim Chen In Xitoyga bordi: ikki davlat o‘rtasida yangi ko‘prik ochildi
Kim Chen In Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasi a’zosi Van Xunin bilan uchrashgan.

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Xitoyga tashrif buyurib, ikki mamlakatni bog‘lovchi yangi ko‘prikning ochilish marosimida qatnashdi. U Pekin bilan tarixiy do‘stlikni davom ettirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda AP xabar berdi.
Sinxua axborot agentligi xabariga ko‘ra, Kim Xitoy Kommunistik partiyasi Siyosiy byurosi doimiy qo‘mitasi a’zosi Van Xunin bilan uchrashgan. Tomonlar avtomobil zavodini ko‘zdan kechirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga kelishib olgan.
Yalu daryosi ustidagi yangi ko‘prik Xitoy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. U orqali konteynerlar va og‘ir yuk mashinalarining tun-u kun harakatlanishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, Kimning Xitoyga tashrifi Pxenyan so‘nggi yillarda Rossiya bilan aloqalarni kuchaytirganidan keyin Pekin bilan munosabatlarni ham faollashtirishga intilayotgan bir paytda yuz berdi. Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun minglab askar va qurol-yarog‘ yuborgan. Buning evaziga Pxenyan harbiy va iqtisodiy yordam olgan bo‘lishi mumkin.
Tashrif 25-oktyabr kuni nishonlanadigan Koreya urushida Xitoyning ishtiroki bilan bog‘liq muhim sana arafasiga to‘g‘ri keldi. Kim urushda halok bo‘lganlarni xotirlash ham tashrif maqsadlaridan biri ekanini aytgan.
Shu bilan birga, Shimoliy Koreya AQSh va Janubiy Koreya bilan munosabatlarda qat’iy pozitsiyasini saqlab qolmoqda. Pxenyan Vashingtondan «dushmanona siyosati»ni o‘zgartirishni va muzokaralarni qayta boshlash uchun yadroviy qurolsizlanishni dastlabki shart sifatida qo‘yishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Janubiy Koreya razvedka xizmati o‘tgan oy AQSh prezidenti Donald Tramp va Kim Chen In noyabrda Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tadigan APEC sammiti doirasida uchrashishi ehtimolini 50 foiz deb baholagan edi.








