
To‘rtinchi yo‘nalish adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli taʼlim-tarbiya masalasi ekanligini qayd etgan Shavkat Mirziyoyev shunday dedi:
"Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak.
Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak.Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025 yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.
Bu borada, avvalo, bog‘cha tizimini maktab taʼlimi bilan uyg‘unlashtirish orqali bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yana-da yaxshilaymiz.
Mamlakatimizning hamma hududlarida o‘nlab yangi-yangi maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etiladi.
Barcha bog‘chalar har yili 2 million nusxadagi zamonaviy o‘quv adabiyotlari bilan taʼminlab boriladi.
Bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda tizimdagi 160 ming nafardan ziyod pedagog kadrlarning malakasi oshiriladi.
Bolalar soni o‘sib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar
qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, sohaning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylikni taʼminlashga qaratilgan Milliy taʼlim dasturi ishlab chiqiladi.Maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasini hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, oliy taʼlim tizimida esa 50 foizga yetkazish, maktablarda taʼlim-tarbiya sifati va darajasini oshirishga biz birlamchi vazifa deb qaraymiz.
Yangi oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish bilan birga, talabalarni turar-joy bilan taʼminlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni jadal davom ettiramiz".
Shuningdek, davlatimiz rahbari oliy toifali shifokorlarning maoshi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Taraqqiyot strategiyamizda xalqimiz salomatligini taʼminlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi.
Ushbu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist va blogerlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida hamda "quruq va yolg‘on gaplar, tagi puch raqamlar – bu faqat o‘zimizni aldash bo‘ladi", deya taʼkidlagandi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti sifatida qasamyod qilgani hamda inauguratsiyasi sanasi maʼlum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


