Bugungi kunda bojxonachilar pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirish va ichki hududdagi aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar olib bormoqda.
Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, G‘ijduvon shahrida o‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro Sh.A. shartli xaridorga qiymati 4,4 million so‘mlik 8800 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda “Lacetti”dan hujjatsiz 80 million so‘mlik dori-darmon topilgani, Toshkentda “kleksan” dori vositasini noqonuniy muomalaga kiritayotgan shaxslarning qo‘lga olingani, chet eldan kelgan fuqaroning “hiylasi" ish bermagani hamda Navoiyda XIX asrga tegishli tanga va qog‘oz kupyuralarni xorijga olib chiqib ketayotgan shaxslar aniqlangani haqida xabar berilgandi.


