Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, kelgusi besh yilda “Toshkent yashash uchun qulay yashil shahar”, “Biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri”, “Mintaqaviy investitsiyalar markazi”, “Raqamli poytaxt”, “Bilim va innovatsiyalar shahri”, “Poytaxt – madaniyat va maʼrifat bulog‘i”, “Sog‘lom turmush va sifatli tibbiyot” dasturlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari:
➖ eski ko‘p qavatli uylar o‘rniga, zamonaviy turar-joylarni barpo etish bo‘yicha “renovatsiya dasturi” amalga oshiriladi. Ko‘p qavatli uy-joylardagi 3 mingdan ortiq yaroqsiz liftlar yangisiga almashtiriladi.
➖ Qurilish maydonlarida changni bostiruvchi zamonaviy usullar va texnologiyalar keng joriy qilinadi. Har bir tumanda sayilgoh hamda shahar bo‘yicha 25 ta “yashil hudud” tashkil etiladi.
➖ 21 ta yo‘l o‘tkazgichlar quriladi. Yer usti halqa metropoliteni yo‘lining 7 ta bekatdan iborat “Qo‘yliq-Qipchoq” uchastkasi yakuniga yetkaziladi. 90 ta yangi metro poyezdlari olib kelinadi.
➖ 400 ta avtobus, 700 ta elektrobus olib kelinadi. 200 ga yaqin avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi.
➖ 50 ta quvvatlash stansiyasi va boshqa infratuzilmalar yaratiladi.
➖ 575 ta mahallaga 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Ular dolzarb ijtimoiy loyihalarga va mahallada bandlikni taʼminlash, kichik va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
➖ poytaxt biznes muhitini yaxshilash doirasida “O‘zekspomarkaz” hududida toshkent xalqaro moliyaviy markazi barpo etiladi.
➖ 14 milliard dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 250 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Avvalroq Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilda poytaxtda internet tezligini besh barobarga oshirish rejalashtirilgani hamda Yangi tariximizda ilk bor og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatiga Toshkent mezbonlik qilishi haqida xabar berilgandi.
Bahriniso MADUMAROVA


