Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga tibbiyot tashkilotlarida qonunga yoki maxsus qoidalarga muvofiq shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishi kerak bo‘lgan shaxs tomonidan shunday yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish —fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks. 59-1-modda.
Mazkur moddaga binoan, hech qaysi shifokor yoki tibbiyot vakili asossiz bemorning talabini rad eta olmaydi. Agar shunday holat yuz bersa unda BHMning 3 barobaridan 5 barobarigacha jarima to‘laydi. Bu 810 ming so‘mdan 1 mln. 350 ming so‘mgacha miqdordagi summa hisoblanadi.
Agar mazkur tartib mansabdorlar tomonidan buzilgan bo‘lsa, unda ular BHMning 5 barobaridan 10 barobarigacha, yaʼni 1 mln. 350 ming so‘mdan 2 mln. 700 minggacha miqdordagi jarimaga tortiladi.
“Mazkur huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham 1 yil davomida yana takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, agar bu shaxs mansabdor shaxs bo‘lsa, unga nisbatan 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, — deydi amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyev.
Avvalroq agar ijaraga oluvchi vafot etsa, uning yaqinlari marhumning qarziga “merosxo‘r” bo‘lmasligi hamda hokim maktab direktorini ishdan bo‘shatishga haqqi yo‘qligi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


